“ASTERIUM” KRIPTO-BIRJASINING OMMAVIY OFERTASI

1. Umumiy qoidalar

1.1. Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan berilgan kripto-birja faoliyatini amalga oshirish litsenziyasiga ega bo‘lgan “ASTERIUM” mas’uliyati cheklangan jamiyati (keyingi o‘rinlarda — Kripto-birja)ning ommaviy ofertasi hisoblanadi va kripto-aktivlar savdosini tashkil etish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish shartnomasining barcha muhim shartlarini o‘z ichiga oladi.

1.2. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 369-moddasiga muvofiq, quyida bayon etilgan shartlar qabul qilingan va ushbu ommaviy oferta Kripto-birjaning elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tish orqali akseptlangan taqdirda, jismoniy yoki yuridik shaxs Mijozga aylanadi, Kripto-birja va Mijoz esa birgalikda — mazkur shartnomaning Taraflari hisoblanadi.

1.3. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 364 va 370-moddalariga binoan, shartnoma Mijoz Kripto-birjaning elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tgan vaqtdan boshlab tuzilgan hisoblanadi. Ushbu ommaviy ofertada nazarda tutilgan hujjatlar va ma’lumotlarning taqdim etilishi Mijozning mazkur ommaviy oferta shartlariga to‘liq va so‘zsiz roziligini tasdiqlaydi.

1.4. Ushbu ommaviy ofertani akseptlagan Mijoz ommaviy ofertaning barcha shartlari bilan tanishgan va ularga rozi bo‘lgan hisoblanadi, bunda shartnoma O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 366 va 370-moddalariga muvofiq yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi.

1.5. Mijoz ushbu ommaviy ofertani akseptlash orqali Kripto-birjaning ichki lokal hujjatlari va boshqa hujjatlari bilan tanishganligini hamda ularga rozi ekanligini tasdiqlaydi.

2. Atamalar va ta’riflar

Mazkur ommaviy oferta maqsadlari uchun quyidagi atamalar va ta’riflar qo‘llaniladi:

Kripto-birja — O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ro‘yxatga olingan, O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan berilgan litsenziya asosida kripto-aktivlar savdosini tashkil etish faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxs — «ASTERIUM» mas’uliyati cheklangan jamiyati.

Mijoz — Kripto-birja bilan mazkur ommaviy ofertani akseptlash orqali kripto-birjada kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha shartnoma tuzgan jismoniy yoki yuridik shaxs, shu jumladan chet ellik jismoniy yoki yuridik shaxs.

Kripto-birjaning elektron platformasi — Kripto-birjaning kripto-aktivlar savdosi, kliring, kripto-aktivlar bilan bog‘liq bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblar va o‘zaro hisob-kitoblar amalga oshiriladigan axborot tizimi va (yoki) dasturiy-texnik majmuasi.

Sayt — Kripto-birjaning asterium.uz manzili bo‘yicha joylashgan internet-resursi, shu jumladan uning dasturiy interfeyslari va mobil ilovalari.

Akkaunt (shaxsiy hisobvaraq) — Mijozning Kripto-birja elektron platformasidagi shaxsiy hisobvarag‘i bo‘lib, unda Mijoz haqidagi ma’lumotlar, uning Kripto-birjada saqlanayotgan pul mablag‘lari va kripto-aktivlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘ladi.

Kripto-aktivlar — blokcheyn texnologiyasiga asoslangan taqsimlangan axborot tizimida yaratilgan va hisobga olinadigan raqamli aktivlar.

Kripto-aktivlar savdosi — Kripto-birjaning elektron platformasida kripto-aktivlarni milliy va (yoki) chet el valyutasiga sotib olish-sotish yoki bir turdagi kripto-aktivlarni boshqa turdagi kripto-aktivlarga ayirboshlash bo‘yicha bitimlar tuzish jarayoni.

Savdo ishtirokchisi — Kripto-birja tomonidan lokal hujjatlarga muvofiq kripto-aktivlar savdosiga qo‘yilgan Mijoz.

Order (buyurtmanoma) — Mijozning kripto-aktivlarni sotib olish, sotish yoki ayirboshlash bo‘yicha narxi va hajmi ko‘rsatilgan elektron buyurtmanomasi.

Kripto-hamyon — kripto-aktivlarni saqlash va boshqarish uchun mo‘ljallangan dasturiy yoki dasturiy-texnik vosita.

Kripto-hamyon manzili — taqsimlangan ma’lumotlar reyestridagi harflar, raqamlar va belgilardan iborat noyob kombinatsiya bo‘lib, u kripto-aktivlarni yuborish va qabul qilish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish uchun foydalaniladi.

Hisob-kitob-kliring palatasi (HKP) — Kripto-birjaning elektron kliring tizimi orqali kripto-birja bitimlari bo‘yicha kliring, hisob-kitoblar va o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishni ta’minlovchi tarkibiy bo‘linmasi.

Kliring — Kripto-birja Mijozlarining o‘zaro majburiyatlarini aniqlash, aniqlashtirish va hisobga olishga qaratilgan operatsiyalar majmuasi hamda ular o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblar.

Foydalanuvchining individual raqami (FIR) — kliring ishtirokchisiga beriladigan noyob kod.

Virtual hisobvaraq — kliring operatsiyalarini o‘tkazish uchun Kripto-birjaning HKPsida ochilgan maxsus hisobvaraq.

HKPning ikkilamchi hisobvarag‘i — Kripto-birjaga xizmat ko‘rsatuvchi bankda xaridorlar va sotuvchilarning mablag‘larini saqlash hamda bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun ochilgan Kripto-birjaning talab qilib olinguncha ikkilamchi depozit hisobvaraqlari.

Benefitsiar mulkdor (yakuniy mulkdor) — mijozga, shu jumladan manfaatlarini ko‘zlab pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiya amalga oshirilayotgan yuridik shaxsga egalik qilish huquqiga yakuniy tarzda ega bo‘lgan yoki uni nazorat qiluvchi jismoniy shaxs.

Ichki nazorat — mijozni lozim darajada tekshirish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirish xavflarini boshqarish, shubhali operatsiyalarni, shuningdek ishtirokchilari terrorchilik faoliyatida ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar bo‘lgan operatsiyalarni aniqlash bo‘yicha faoliyat.

Identifikatsiyalash — Mijozni lozim darajada tekshirish maqsadida taqdim etilgan hujjatlar asosida uning shaxsini aniqlash jarayoni.

Verifikatsiyalash — Mijozning shaxsini va identifikatsiya ma’lumotlarining haqiqiyligini tasdiqlovchi taqdim etilgan hujjatlarni tekshirish tartib-taomili.

Shubhali operatsiya — jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish yoki ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirish maqsadida mablag‘lardan foydalanish imkoniyatini ko‘rsatuvchi belgilarga ega bo‘lgan, vakolatli organ va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan tasdiqlangan 09.06.2021 yildagi 3309-sonli Qoidalarga muvofiq shubhali deb topilgan operatsiya.

Muzlatib qo‘yish — pul mablag‘larini yoki kripto-aktivlarni o‘tkazishni, konvertatsiya qilishni, tasarruf etishni yoki harakatlantirishni taqiqlash.

Vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi.

Maxsus vakolatli davlat organi — jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi vakolatli davlat organi.

Lokal hujjatlar — Kripto-birjaning xizmatlar ko‘rsatish tartibini tartibga soluvchi va Mijozlar tanishishi uchun Saytda ochiq bo‘lgan ichki hujjatlari.

Personal ma’lumotlar — muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron, qog‘oz va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot.

Mijozning hisobvarag‘i — bank tomonidan jismoniy yoki yuridik shaxs (Mijoz) nomiga ochilgan va unga xizmat ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan bank yoki shaxsiy hisobvaraq.

Bank kartasi — Mijozning nomiga ochilgan «HUMO» milliy to‘lov tizimi, Visa, MasterCard xalqaro to‘lov tizimlarining bank plastik/virtual kartalari.

3. Mijozlarga qo‘yiladigan talablar va munosabatlarni o‘rnatish tartibi

3.1. Kripto-birja xizmatlari faqat voyaga yetgan (18 yoshga to‘lgan) shaxslarga ko‘rsatiladi.

3.2. Kripto-birja quyidagilar bilan munosabatlar o‘rnatishga haqli emas:

3.2.1. Voyaga yetmagan shaxslar bilan;

3.2.2. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq, terrorchilik faoliyatida ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslar bilan.

3.3. Mijoz shaxsan o‘zi, shuningdek uning egalari va (yoki) Mijoz vakillik qilayotgan yuridik shaxs ustidan sezilarli nazoratga ega bo‘lgan shaxslar (agar Mijoz yuridik shaxs bo‘lsa) BMTning sanksiya ro‘yxatlarida yo‘qligini hamda Yevropa Ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi yoki boshqa ma’muriy va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan savdo faoliyatini yuritish bo‘yicha cheklovlarga ega emasligini kafolatlaydi.

3.4. Kripto-birja o‘z faoliyatining geografiyasini mustaqil ravishda belgilashga haqli va o‘z xohishiga ko‘ra muayyan mamlakatlardan bo‘lgan Mijozlarga xizmatlardan foydalanishni cheklashi yoki ularni taqdim etishni butunlay rad etishi mumkin.

3.5. Kripto-birja bilan munosabatlar o‘rnatish uchun Mijoz Kripto-birjaning elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tish tartib-taomilidan o‘tishi hamda quyidagi hujjatlar va ma’lumotlarni taqdim etishi shart:

3.5.1. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun: shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi; jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR); aloqa ma’lumotlari (elektron pochta manzili, telefon raqami).

3.5.2. Chet el fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun: shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport) nusxasi; aloqa ma’lumotlari (elektron pochta manzili, telefon raqami).

3.5.3. Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun: shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxasi; yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi; aloqa ma’lumotlari (elektron pochta manzili, telefon raqami).

3.5.4. Yuridik shaxslar uchun: davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi; yuridik shaxsning joylashgan manzili haqida ma’lumot; yuridik shaxs rahbarlari haqida ma’lumot; ta’sis hujjatlarida ko‘rsatilgan ma’lumotlar; benefitsiar mulkdorlar (yakuniy mulkdorlar) haqida ma’lumot; aloqa ma’lumotlari (elektron pochta manzili, telefon raqami).

3.5.5. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida, shu jumladan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida, shuningdek Kripto-birjaning ichki lokal hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ma’lumotlar va hujjatlar.

3.6. Kripto-birja qonunchilik va ichki lokal hujjatlar talablariga muvofiq identifikatsiyalash va verifikatsiyalash tartib-taomillarini o‘tkazish uchun Mijozdan qo‘shimcha hujjatlar va ma’lumotlarni so‘rashga haqli. Verifikatsiya tartib-taomili doirasida Kripto-birja Mijozning shaxsini taqdim etilgan hujjatlarga muvofiqligini tasdiqlash uchun Mijozning biometrik identifikatsiyasini, shu jumladan yuzni suratga olish va/yoki real vaqt rejimida tasvirni qayd etishni amalga oshiradi. Biometrik identifikatsiya uchinchi shaxslarning servislari yordamida o‘tkaziladi.

3.7. Taqdim etilgan hujjatlar va ma’lumotlar tekshirilgandan so‘ng, Kripto-birja Mijozning Kripto-birja elektron platformasidagi ro‘yxatdan o‘tishini tasdiqlash yoki rad etish to‘g‘risida mustaqil qaror qabul qiladi.

3.8. Kripto-birja va Mijoz o‘rtasida munosabatlar o‘rnatilishi natijasida Kripto-birjaning elektron platformasida Mijozga akkaunt (hisobvaraq) yaratiladi, unda Mijoz haqidagi ma’lumotlar, uning Kripto-birjada saqlanayotgan pul mablag‘lari va kripto-aktivlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘ladi.

3.9. Bitta Mijozga Kripto-birja elektron platformasida bittadan ortiq akkaunt (hisobvaraq) yaratish taqiqlanadi. Mijozda bir nechta akkaunt aniqlangan taqdirda, Mijozning barcha akkauntlari Kripto-birja tomonidan Mijozni oldindan ogohlantirmasdan bloklanishi shart.

3.10. Mijoz akkauntga kirish uchun parollar, kirish kalitlari, sertifikatlar va boshqa hisob ma’lumotlarining maxfiyligini ta’minlash majburiyatini oladi. Mijoz o‘zining hisob ma’lumotlaridan foydalangan holda amalga oshirilgan barcha harakatlar uchun to‘liq javobgar bo‘ladi.

4. Shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlashga rozilik

4.1. Mijoz ushbu ommaviy ofertani akseptlash orqali Kripto-birjaga Mijozning shaxsga doir ma’lumotlarini O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq qayta ishlashga o‘z roziligini beradi.

4.2. Shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash Kripto-birja tomonidan quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:

4.2.1. Mijoz tarafi bo‘lgan shartnomani bajarish;

4.2.2. Mijozni identifikatsiyalash va verifikatsiyalash;

4.2.3. Mijozga Kripto-birja xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etish;

4.2.4. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat tartib-taomillarini o‘tkazish;

4.2.5. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga rioya qilish;

4.2.6. Mijozni Kripto-birja xizmatlari, xizmat ko‘rsatish shartlaridagi o‘zgarishlar haqida xabardor qilish;

4.2.7. Mijoz bilan muzokaralarni audio yoki video yozuvga olish, shu jumladan yozishmalarni qayd etish va bunday ma’lumotlarni kamida 5 yil davomida saqlash.

4.3. Shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash quyidagilarni o‘z ichiga oladi: shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, foydalanish, taqdim etish, tarqatish, uzatish, transchegaraviy uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish.

4.4. Mijoz Kripto-birja shaxsga doir ma’lumotlarni avtomatlashtirish vositalaridan foydalangan holda ham, bunday vositalardan foydalanmasdan ham qayta ishlashga haqli ekanligiga rozilik beradi.

4.5. Mijoz Kripto-birja Mijozning shaxsga doir ma’lumotlarini quyidagi shaxslarga uzatishga haqli ekanligiga rozilik beradi:

4.5.1. Vakolatli organga — O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga;

4.5.2. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organiga;

4.5.3. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va boshqa davlat organlariga;

4.5.4. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida yoki ushbu ommaviy ofertada nazarda tutilgan hollarda uchinchi shaxslarga.

4.6. O‘zbekiston Respublikasi norezidenti bo‘lgan Mijoz o‘zining shaxsga doir ma’lumotlarini O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda, shu jumladan mazkur organlar tomonidan bunday ma’lumotlar so‘ralgan taqdirda, Vakolatli organga, maxsus vakolatli davlat organiga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlat organlariga uzatilishiga o‘z roziligini beradi.

4.7. Mijozning shaxsga doir ma’lumotlarini qayta ishlash muddati Kripto-birja va Mijoz o‘rtasidagi shartnomaning amal qilish muddati, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilangan ma’lumotlarni saqlash muddatlari bilan belgilanadi, biroq Mijozning Kripto-birja elektron platformasidagi oxirgi operatsiyasi amalga oshirilgan paytdan boshlab 5 yildan kam bo‘lmasligi kerak.

4.8. Mijoz Kripto-birjaga yozma bildirishnoma yuborish orqali shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlashga bergan roziligini qaytarib olishga haqli. Shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlashga rozilik qaytarib olingan taqdirda, Kripto-birja Mijozga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatadi va Mijoz bilan shartnomani ushbu ommaviy ofertaning 22-bo‘limida nazarda tutilgan tartibda bekor qiladi. Kripto-birja shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlashni to‘xtatadi va rozilik qaytarib olingan kundan boshlab 30 (o‘ttiz) kalendar kunidan oshmaydigan muddatda shaxsga doir ma’lumotlarni yo‘q qiladi, shaxsga doir ma’lumotlarni saqlash O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida, shu jumladan Mijozning operatsiyalari haqidagi ma’lumotlarni oxirgi operatsiya bajarilgan paytdan boshlab kamida 5 yil davomida saqlash talablarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

5. Kripto-birja xizmatlarining tavsifi

5.1. Kripto-birja Mijozlarga kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlashga qaratilgan harakatlarni amalga oshirishlari uchun Kripto-birjaning elektron platformasiga kirish imkoniyatini taqdim etadi.

5.2. Kripto-birja quyidagi asosiy xizmatlarni taqdim etadi:

- Kripto-birjaning elektron platformasida kripto-aktivlar savdosini tashkil etish;

- Mijozlarning Kripto-birja elektron platformasiga kirishini ta’minlash;

- Kripto-aktivlar bilan bog‘liq bitimlar bo‘yicha kliring, hisob-kitoblar va o‘zaro hisob-kitoblarni o‘tkazish;

- Mijozlarning pul mablag‘lari va kripto-aktivlarini saqlash;

- Mijoz akkauntining holati to‘g‘risida ma’lumot taqdim etish;

- Kripto-birjaning lokal hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa xizmatlar.

5.3. Kripto-birja Mijozlarga qo‘shimcha xizmatlarni taqdim etishga haqli, jumladan, quyidagilar bilan cheklanmagan holda:

- Marjinal kreditlash;

- Kripto-aktivlarni qaytarish sharti bilan foydalanishga berish xizmatlari;

- Mijozlar bilan vositachilik munosabatlari asosida bitimlar tuzish xizmatlari;

- Kripto-birjaning lokal hujjatlari bilan belgilangan boshqa xizmatlar.

5.4. Kripto-birjaning elektron platformasida savdoga qo‘yilgan kripto-aktivlar ro‘yxati Kripto-birja tomonidan belgilanadi va Saytda joylashtiriladi.

5.5. Kripto-birja istalgan vaqtda savdoga qo‘yilgan kripto-aktivlar ro‘yxatini o‘zgartirishga, yangi kripto-aktivlar listingini o‘tkazishga yoki lokal hujjatlarga muvofiq kripto-aktivlar delistingini amalga oshirishga haqli.

6. Kripto-aktivlar savdosiga ruxsat berish

6.1. Kripto-birja identifikatsiyalash va verifikatsiyalash tartib-taomilidan o‘tgan har qanday Mijozga kripto-aktivlar savdosi ishtirokchisi maqomini berishga haqli, agar bu O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga, ushbu ommaviy ofertaga yoki Kripto-birjaning ichki lokal hujjatlariga zid bo‘lmasa.

6.2. Kripto-aktivlar savdosini amalga oshirish uchun Kripto-birja elektron platformasiga kirish imkoniyati ushbu ommaviy oferta va Kripto-birjaning lokal hujjatlari asosida taqdim etiladi.

6.3. Savdo qoidalarini buzganligi sababli savdo ishtirokchilari safidan chiqarilgan Mijoz, chiqarib yuborilgan paytdan boshlab uch oy davomida savdolarda ishtirok etishga qo‘yilmaydi.

6.4. Mijozni kripto-aktivlar savdosiga, shu jumladan boshqa xizmatlar (spot savdosi, marjinal savdo va boshqalar) va Kripto-birja mahsulotlariga ruxsat berish, shuningdek savdo ishtirokchilari safidan chiqarish tartibi Kripto-birjaning lokal hujjatlari bilan belgilanadi.

6.5. Kripto-birja bir tomonlama tartibda, ogohlantirmasdan quyidagi hollarda Mijozni savdolarga qo‘yishni rad etishga yoki uning savdolarga kirishini to‘xtatib qo‘yishga haqli:

- Hujjatlar va ma’lumotlar taqdim etilmaganda yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilganda;

- Shubhali operatsiya belgilari aniqlanganda;

- Mijoz tomonidan ushbu ommaviy oferta shartlari yoki Kripto-birja lokal hujjatlari buzilganda;

- Davlat organlarining talabiga binoan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda;

- O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida yoki Kripto-birja lokal hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.

7. Kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish tartibi

7.1. Bitim tuzish uchun savdo ishtirokchisi Kripto-birjaning elektron platformasida kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha order (buyurtmanoma) joylashtiradi.

7.2. O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari platforma Operatorining elektron platformasida quyidagilarni amalga oshirishga haqlidirlar:

- Kripto-aktivlar bilan milliy valyutadagi barcha turdagi savdolar, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdolar maydonchasida kripto-aktivlarni sotib olish-sotish bitimlari;

- O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari bilan faqatgina kripto-aktivlarni chet el valyutasiga sotish operatsiyalari.

7.3. Mijozlarning kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha orderlari (buyurtmanomalari) order (buyurtmanoma) shartlariga javob beradigan qarshi buyurtmanoma paydo bo‘lgan paytda Kripto-birja tomonidan ijro etilishi lozim. Orderlar (buyurtmanomalar) ijrosini kechiktirishga, qarshi buyurtmanoma paydo bo‘lgandan keyin ularning shartlarini o‘zgartirishga yoki bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

7.4. Kripto-aktivlar savdosini (hisob-kitoblarini) o‘tkazish uchun savdo ishtirokchisi Kripto-birjaning HKPsiga tegishli ravishda pul mablag‘larini va (yoki) kripto-aktivlarni o‘tkazadi.

7.5. Savdo ishtirokchisining pul mablag‘lari va kripto-aktivlari Kripto-birjaning hamda boshqa ishtirokchilarning pul mablag‘lari va kripto-aktivlaridan alohida hisobga olinadi.

7.6. Kripto-birja mazkur ommaviy oferta va lokal hujjatlarda belgilangan qoidalarga muvofiq kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha bitimlarning ijrosini ta’minlaydi.

7.7. Savdo ishtirokchisi tomonidan kripto-aktivlar savdosi jarayonida sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha bitim tuzilgan taqdirda, Kripto-birja ushbu bitim bo‘yicha ijro summasini (miqdorini) mazkur savdo ishtirokchisining pul mablag‘lari summasidan, HKPning ikkilamchi hisobvarag‘ida yoki Kripto-birjaning kripto-hamyon manzillarida hisobga olingan kripto-aktivlaridan chegirib tashlashi va tegishli summani (miqdorni) ko‘rsatilgan savdo ishtirokchisining kontragenti hisobiga o‘tkazishi shart.

7.8. Kripto-birja tomonidan xizmatlar ko‘rsatganlik uchun haq (mukofot) olish mazkur ommaviy oferta va Kripto-birjaning boshqa lokal hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va shartlarda ta’minlanadi.

8. Mablag‘larni kiritish va chiqarish

8.1. Mijoz akkauntiga pul mablag‘larini kiritish Kripto-birjaga xizmat ko‘rsatuvchi bankda ochilgan Kripto-birja HKPning ikkilamchi hisobvaraqlariga pul mablag‘larini o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. Mijoz akkauntiga pul mablag‘larini kiritishga faqat Mijozning nomiga ochilgan kartalar va/yoki hisobvaroqlardan yo‘l qo‘yiladi.

8.2. Mijoz akkauntiga kripto-aktivlarni kiritish Mijoz akkauntida ko‘rsatilgan Kripto-birjaning kripto-hamyon manzillariga kripto-aktivlarni o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

8.3. Mijoz akkauntidan pul mablag‘larini chiqarish Kripto-birja HKPning ikkilamchi hisobvaraqlaridan Mijozning nomiga ochilgan hisobvarag‘iga yoki bank kartasiga pul mablag‘larini o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

8.4. Mijoz akkauntidan kripto-aktivlarni chiqarish Kripto-birjaning kripto-hamyon manzillaridan Mijoz tomonidan ko‘rsatilgan kripto-hamyon manziliga kripto-aktivlarni o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

8.5. Mijoz akkauntidan mablag‘larni chiqarish, chiqarish haqida ariza berilgan paytda ushbu mablag‘lar akkaunt balansida qaysi valyutada hisobga olingan bo‘lsa, o‘sha valyutada amalga oshiriladi, bunda mazkur oferta bilan belgilangan cheklovlar mavjud bo‘lmasligi shart. Mablag‘larni chiqarishda turli valyuta turlari o‘rtasida konvertatsiya amalga oshirilmaydi.

8.6. Kripto-aktivlar yoki pul mablag‘lari bilan bog‘liq shubhali operatsiya aniqlangan taqdirda, pul mablag‘larini o‘tkazish va kripto-aktivlarni topshirish Kripto-birja tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorchilik faoliyatini moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rilganidan keyin amalga oshiriladi.

8.7. Mablag‘larni kiritish va chiqarishning minimal va maksimal summalari, ularni hisobga kirim qilish muddatlari, shuningdek, kiritish va chiqarish operatsiyalari uchun komissiya yig‘imlari Saytda joylashtiriladi.

9. Kripto-birja mukofoti (komissiya)

9.1. Kripto-aktivlar savdosini tashkil etish, ofertaning 8-bo‘limida ko‘rsatilganidek mablag‘larni kiritish va chiqarish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatganlik uchun Kripto-birja Mijozlardan Kripto-birjaning tarif siyosati bilan belgilangan miqdorlarda mukofot (komissiya) undiradi.

9.2. Mukofot (komissiya) miqdorlari Saytda joylashtiriladi yoki operatsiyani amalga oshirish vaqtida interfeysda aks ettiriladi hamda Kripto-birja tomonidan bir tomonlama tartibda o‘zgartirilishi mumkin.

9.3. Mijoz Kripto-birja Mijozning operatsiyalarini o‘tkazishda tegishli summalarni Mijozning HKPdagi virtual hisobvarag‘idan yoki Mijozning kripto-aktivlaridan chegirib tashlash orqali mukofotni (komissiyani) ushlab qolishga haqli ekanligiga rozilik beradi.

9.4. Agar Kripto-birjaning lokal hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, mukofot (komissiya) operatsiya amalga oshirilgan paytda Kripto-birja tomonidan ushlab qolinadi.

10. Kripto-birjaning majburiyatlari

10.1. Kripto-birja quyidagilarga majbur:

10.1.1. Kripto-aktivlar savdosi jarayonining shaffofligini, shuningdek, uning natijalari bo‘yicha yuzaga kelgan majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash;

10.1.2. Har bir Mijozning majburiyatlarini alohida hisobga olishni ta’minlash;

10.1.3. Bitimlar mazmuni haqidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash va ushbu ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi hamda mazkur oferta nazarda tutilgan hollardan tashqari, Mijozning roziligisiz uchinchi shaxslarga taqdim etmaslik;

10.1.4. Har bir savdo ishtirokchisi bo‘yicha har kuni kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha amalga oshirilgan bitimlar va bunday bitimlar summasi, shuningdek, ijro etilgan va ijro etilmagan orderlar (buyurtmanomalar) to‘g‘risida hisobot tuzish;

10.1.5. Mijozlarga amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘risidagi hisobotlarni Mijozning so‘rovi olingan kundan boshlab o‘n besh kundan kechiktirmasdan bepul asosda taqdim etish;

10.1.6. Vakolatli organga amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘risidagi hisobotlarni Vakolatli organning so‘rovida ko‘rsatilgan hajmda va muddatda taqdim etish;

10.1.7. Amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘risidagi hisobotlarni tuzilgan sanadan boshlab kamida besh yil davomida saqlash;

10.1.8. Kripto-aktivlar to‘g‘risidagi insayderlik ma’lumotlaridan foydalanishni, ularning narxlari bilan manipulyatsiya qilishni aniqlash, chek qo‘yish, oldini olish hamda bunday harakatlarning oqibatlarini bartaraf etish choralarini ko‘rish;

10.1.9. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat tartib-taomillarini o‘tkazish;

10.1.10. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va mazkur ommaviy oferta talablariga rioya qilish.

11. Mijozning majburiyatlari. Mijoz tomonidan beriladigan kafolatlar va bayonotlar

11.1. Mijoz quyidagilarga majbur:

11.1.1. Kripto-birjaning elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tishda va Kripto-birja xizmatlaridan foydalanish jarayonida haqiqiy hujjatlar va ma’lumotlarni taqdim etish;

11.1.2. Oldin taqdim etilgan hujjatlar va ma’lumotlarning o‘zgarganligi haqida Kripto-birjani o‘z vaqtida xabardor qilish;

11.1.3. Akkauntga kirish uchun parollar, kirish kalitlari va boshqa hisob ma’lumotlarining maxfiyligini ta’minlash;

11.1.4. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, ushbu ommaviy oferta va Kripto-birjaning lokal hujjatlari talablariga rioya qilish;

11.1.5. Kripto-birja xizmatlaridan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish yoki ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirish maqsadlarida foydalanmaslik;

11.1.6. Tasarrufidagi kripto-aktivlardan tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq maqsadlarda foydalanmaslik, jumladan, quyidagilar bilan cheklanmagan holda: qimor o‘yinlari (onlayn-kazino, bukmekerlik idoralari, gembling), moliyaviy piramidalarda, firibgarlik loyihalarida ishtirok etish, shubhali kontragentlar bilan P2P-bitimlarni amalga oshirish, fishing, skam deb tan olingan DeFi-loyihalarda ishtirok etish va firibgarlik yoki noqonuniy faoliyatning boshqa turlari. Mijoz ushbu bandda ko‘rsatilgan xizmatlarni taqdim etuvchi servis va platformalar manzillariga kripto-aktivlarni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha xavflarni anglashini va o‘z zimmasiga olishini tasdiqlaydi;

11.1.7. Kripto-birjaning elektron platformasida operatsiyalarni amalga oshirish uchun foydalaniladigan pul mablag‘lari va kripto-aktivlar kelib chiqish manbalarining qonuniyligini kafolatlash;

11.1.8. Kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish natijasida yuzaga keladigan soliq majburiyatlari, shu jumladan soliqlarni hisoblash, ushlab qolish va tegishli davlat organlariga o‘tkazish uchun mustaqil ravishda javobgar bo‘lish;

11.1.9. Shartnoma bekor qilingan taqdirda, u bekor qilingunga qadar yuzaga kelgan majburiyatlarni bajarish.

11.2. Mijoz Kripto-birjaning elektron platformasidagi faoliyati to‘liq qonuniy ekanligini, kripto-aktivlarning manbalari esa biron-bir huquqqa zid faoliyat bilan bog‘liq emasligini kafolatlaydi.

11.3. Mijoz Kripto-birjaning elektron platformasida operatsiyalarni amalga oshirish uchun foydalaniladigan pul mablag‘lari va kripto-aktivlar jinoiy faoliyat natijasida olinmaganligini hamda terrorizmni moliyalashtirish yoki ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirish uchun mo‘ljallanmaganligini kafolatlaydi.

11.4. Mazkur shartnomani tuzish orqali Mijoz Kripto-birjaga identifikatsiyalash, verifikatsiyalashdan o‘tish uchun zarur va yetarli bo‘lgan to‘liq va ishonchli ma’lumotlarni, shu jumladan shaxsga doir ma’lumotlarni taqdim etishni kafolatlaydi, shuningdek quyidagilarni bayon etadi:

- Mijoz huquq layoqatiga va muomala layoqatiga ega bo‘lgan shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi (yoki zarurat bo‘lganda boshqa davlat qonunchiligi) bilan belgilangan usullarning biron-biri bilan muomala layoqati cheklanmagan;

- Mijoz kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslar duch keladigan xavflar haqidagi ma’lumotlar bilan tanishgan, kripto-aktivlar to‘lov vositasi hisoblanmasligi, davlat tomonidan ta’minlanmasligi, kripto-aktivlarni sotib olish kripto-aktivlar evaziga topshirilgan pul mablag‘lari va boshqa fuqarolik huquqlari obyektlarining to‘liq yo‘qolishiga olib kelishi mumkinligini (shu jumladan kripto-aktivlar qiymatining o‘zgaruvchanligi, texnik nosozliklar, huquqqa zid harakatlar, jumladan o‘g‘rilik natijasida) anglaydi;

- Mijoz ilgari hech qachon kripto-birja tomonidan hisob qaydnomasi (akkaunti) bloklangan mijoz bo‘lmagan.

12. Kripto-birjaning huquqlari

12.1. Kripto-birja quyidagilarga haqli:

12.1.1. Identifikatsiyalash va verifikatsiyalash tartib-taomillarini o‘tkazish uchun Mijozdan qo‘shimcha hujjatlar va ma’lumotlarni so‘rash;

12.1.2. Mijozni Kripto-birjaning elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tkazishni yoki kripto-aktivlar savdosiga qo‘yishni bildirishnomasiz va sabablarini tushuntirmasdan rad etish;

12.1.3. Mazkur ommaviy oferta, lokal hujjatlar yoki O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda Mijozning Kripto-birja elektron platformasiga kirishini bildirishnomasiz va sabablarini tushuntirmasdan to‘xtatib turish yoki tugatish;

12.1.4. Shubhali operatsiyalar aniqlanganda, davlat organlarining talabiga binoan yoki O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa hollarda, mazkur ofertaning 14-bo‘limiga muvofiq Mijoz akkauntini bloklash, Mijoz mablag‘larini muzlatib qo‘yish;

12.1.5. Kripto-birjaning lokal hujjatlariga muvofiq kripto-aktivlar listingi va delistingini amalga oshirish;

12.1.6. Bozor holatidan kelib chiqqan holda mukofot (komissiya) miqdorlarini o‘zgartirish;

12.1.7. Mazkur ommaviy ofertaga va lokal hujjatlarga bir tomonlama tartibda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;

12.1.8. Kripto-aktivlar savdosidagi ishtiroki haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish, bunday ishtirok munosabati bilan yuzaga keladigan manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish choralarini ko‘rish va oshkor qilish sharti bilan savdo ishtirokchisi sifatida kripto-aktivlar savdosida ishtirok etish;

12.1.9. Mijozning roziligi bilan hamda Mijozning topshirig‘i (buyurtmasi) mavjud bo‘lmagan taqdirda, uning pul mablag‘lari va kripto-aktivlari bilan o‘z nomidan va o‘z manfaatlaridan kelib chiqib, pul mablag‘lari va kripto-aktivlarni tomonlar kelishgan muddatda to‘liq hajmda qaytarish sharti bilan bitimlar tuzish;

12.1.10. Mijozlar bilan muzokaralarni audio yoki video yozuvga olish, shu jumladan yozishmalarni qayd etish va bunday ma’lumotlarni kamida 5 yil davomida saqlash;

12.1.11. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda Mijozning shaxsga doir ma’lumotlarini Vakolatli organga, maxsus vakolatli davlat organiga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va boshqa davlat organlariga uzatish.

12.2. Kripto-birja istalgan vaqtda o‘z xohishiga ko‘ra yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning talabiga binoan Mijozlar akkauntlarini bloklash, cheklash yoki yopish, shuningdek, pul mablag‘lari va kripto-aktivlar bilan bog‘liq operatsiyalarni bunday qabul qilingan qarorlar haqida bildirishnomasiz va sabablarini tushuntirmasdan to‘xtatib turishga haqli.

13. Mijozning huquqlari

13.1. Mijoz quyidagilarga haqli:

13.1.1. Kripto-birja xizmatlaridan mazkur ommaviy oferta va lokal hujjatlarga muvofiq foydalanish;

13.1.2. O‘z akkauntining holati to‘g‘risida ma’lumot olish;

13.1.3. Amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘risida hisobotlar so‘rash;

13.1.4. O‘z akkauntidagi bo‘sh pul mablag‘lari va kripto-aktivlarni chiqarish;

13.1.5. Kripto-birja xizmatlaridan foydalanish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha Kripto-birjaning qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilish;

13.1.6. Shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlashga berilgan rozilikni mazkur ommaviy ofertada nazarda tutilgan tartibda qaytarib olish;

13.1.7. Kripto-birja bilan tuzilgan shartnomani mazkur ommaviy ofertada nazarda tutilgan tartibda bekor qilish.

14. Akkauntni bloklash va mablag‘larni muzlatib qo‘yish

14.1. Kripto-birja quyidagi hollarda Mijoz akkauntini bloklashga va (yoki) Mijoz mablag‘larini muzlatib qo‘yishga haqli:

- Shubhali operatsiyalar aniqlanganda;

- Mijoz tomonidan mazkur ommaviy oferta shartlari yoki Kripto-birja lokal hujjatlari buzilganda;

- Mijoz tomonidan noto‘g‘ri hujjatlar va ma’lumotlar taqdim etilganda;

- Mijozning identifikatsiya ma’lumotlari terrorchilik faoliyatida ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan yoki ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishda ishtirok etayotgan shaxslar ro‘yxatidagi shaxs bilan mos kelishi fakti aniqlanganda;

- Davlat organlarining talabiga binoan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda;

- Akkauntdan uchinchi shaxslar foydalanayotganligi belgilari aniqlanganda;

- Kripto-aktivlar narxlarini manipulyatsiya qilish belgilari aniqlanganda;

- Mijoz tomonidan kripto-aktivlardan mazkur ofertaning 11.1.6-bandida ko‘rsatilgan maqsadlarda foydalanish faktlari aniqlangan taqdirda;

- O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa hollarda.

14.2. Akkauntni bloklash va (yoki) mablag‘larni muzlatib qo‘yish tekshiruv o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan muddatga, lekin 30 (o‘ttiz) kalendar kunidan oshmagan muddatga amalga oshiriladi, agar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi yoki davlat organlarining qarori bilan boshqa muddat nazarda tutilmagan bo‘lsa.

14.3. Mazkur ofertaning 14.2-bandida ko‘rsatilgan muddat, Mijozning harakatlarini qo‘shimcha tekshirish zarurati tug‘ilganda Kripto-birja tomonidan bir tomonlama tartibda uzaytirilishi mumkin. Muddatni uzaytirish va tekshiruv yakunlanishining taxminiy sanalari haqida Kripto-birja Mijozni mavjud aloqa kanallari orqali xabardor qiladi.

4.4. Kripto-birja bloklash (muzlatish) sabablari bartaraf etilgandan keyin yoki bloklash (muzlatish) muddati tugagach, agar davlat organlaridan boshqacha ko‘rsatma olinmagan bo‘lsa, Mijoz akkauntini blokdan chiqarishi va (yoki) mablag‘larini muzlatishdan chiqarishi shart.

15. Tomonlarning javobgarligi

15.1. Mazkur ommaviy oferta bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgar bo‘ladilar.

15.2. Kripto-birja quyidagilar uchun javobgar emas:

- kripto-aktivlar kurslarining o‘zgarishi natijasida yuzaga kelgan Mijozning zararlari uchun;

- Saytda joylashtirilgan yoki uchinchi shaxslar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida Mijoz tomonidan investitsiya qarorlari qabul qilinishi natijasida yuzaga kelgan Mijozning zararlari uchun;

- yengib bo‘lmas kuch (fors-major) holatlari tufayli Kripto-birja elektron platformasi ishidagi texnik nosozliklar uchun;

- Mijoz o‘z hisob ma’lumotlarini oshkor qilishi natijasida uchinchi shaxslarning Mijoz akkauntiga ruxsatsiz kirishi uchun;

- banklar, to‘lov tizimlari yoki blokcheyn-tarmoqlari operatorlarining harakatlari tufayli operatsiyalarni qayta ishlashdagi kechikishlar uchun;

- Kripto-birja elektron platformasi ishini buzishga qaratilgan uchinchi shaxslarning harakatlari, shu jumladan xakerlik hujumlari, DDoS-hujumlar, viruslar va boshqa zararli dasturlar uchun;

- agar Kripto-birja Mijoz tomonidan operatsiya amalga oshirilgan paytda bunday kripto-aktivlarning kelib chiqishi haqida bilmagan va bilishi mumkin bo‘lmagan bo‘lsa, «iflos kripto-aktivlar» (jinoiy faoliyat bilan bog‘liq kripto-aktivlar) bilan bog‘liq operatsiyalar uchun;

- Mijoz tomonidan kripto-aktivlarni tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni (qimor o‘yinlarini) tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi servislarning manzillariga o‘tkazishi natijasida mablag‘larning yo‘qotilishi uchun, jumladan, quyidagilar bilan cheklanmagan holda: onlayn rejimdagi o‘yinlar, turli moliyaviy piramidalar, kazino, bukmekerlik idoralari, gembling, firibgarlik loyihalari, P2P bitimlar, fishing va DeFi-loyihalarda yoki skamlarda ishtirok etish va h.k.

15.3. Kripto-birja Mijozning Kripto-birja elektron platformasidan tashqarida amalga oshirgan harakatlari uchun javobgar emas, shu jumladan:

- Mijoz tomonidan akkauntga o‘ziga tegishli bo‘lmagan bank kartalari yoki hamyonlarni bog‘laganligi uchun;

- Mijozning uchinchi shaxslarga nisbatan firibgarlik harakatlari uchun;

- Mijozning harakatlari natijasida uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun.

15.4. Mijoz Kripto-birjani quyidagilar bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan uchinchi shaxslarning (jumladan, to‘lov tizimlari, banklar, davlat organlari, jismoniy va yuridik shaxslarning) har qanday e’tirozlari, da’volari, talablari va sanksiyalaridan himoya qilish va ozod qilish majburiyatini oladi:

- Mijoz tomonidan mazkur oferta shartlari va Kripto-birjaning lokal hujjatlari buzilishi;

- Mijoz tomonidan O‘zbekiston Respublikasi va boshqa yurisdiksiyalarning qonun hujjatlari buzilishi;

- Mijoz tomonidan uchinchi shaxslarning to‘lov vositalaridan ularning roziligi bilan yoki roziligisiz foydalanishi;

- Mijoz tomonidan noto‘g‘ri ma’lumotlar yoki qalbakilashtirilgan hujjatlar taqdim etilishi;

- Mijozning Kripto-birjaga nisbatan talablar qo‘yilishiga sabab bo‘lgan har qanday boshqa harakatlari yoki harakatsizligi.

15.5. Mijoz uchinchi shaxslar tomonidan Mijozning harakatlari munosabati bilan Kripto-birjaga nisbatan talablar (e’tirozlar, da’volar) qo‘yilgan taqdirda, Kripto-birja Mijozdan qo‘shimcha tasdiq olmasdan quyidagilarni Mijozning HKPdagi virtual hisobvarag‘idan yoki uning kripto-aktivlardagi ekvivalentidan chegirib tashlashga haqli ekanligiga so‘zsiz rozilik beradi:

- uchinchi shaxslarning talablari summasini;

- huquqiy himoya xarajatlarini;

- Kripto-birja tomonidan to‘langan jarimalar va penyalarni;

- hujjat bilan tasdiqlangan boshqa zararlarni.

15.6. Mijoz mazkur ommaviy oferta shartlarini, lokal hujjatlarni yoki O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini buzuvchi harakatlari natijasida Kripto-birja ko‘rgan barcha boshqa zararlarni qoplash majburiyatini oladi.

15.7. Mijoz quyidagilar uchun mustaqil ravishda to‘liq javobgar bo‘ladi:

- taqdim etilgan hujjatlar va ma’lumotlarning ishonchliligi uchun;

- pul mablag‘lari va kripto-aktivlar kelib chiqish manbalarining qonuniyligi uchun;

- o‘zi rezidenti bo‘lgan mamlakatning soliq qonunchiligiga rioya qilinishi uchun;

- akkauntga kirish uchun hisob ma’lumotlarining saqlanishi uchun;

- Mijozning hisob ma’lumotlaridan foydalangan holda amalga oshirilgan barcha operatsiyalar uchun.

15.8. Kripto-birja Mijoz tomonidan uchinchi shaxslarga zarar yoki ziyon yetkazgan har qanday harakatlar yoki harakatsizlik uchun ushbu uchinchi shaxslar oldida javobgar bo‘lmaydi.

15.9. Mijozning zararlarni qoplash va Kripto-birjani uchinchi shaxslarning e’tirozlaridan himoya qilish bo‘yicha majburiyatlari, mazkur oferta amal qilgan davrda sodir bo‘lgan hodisalar bo‘yicha oferta bekor qilinganidan keyin ham o‘z kuchini saqlab qoladi.

16. Kafolatlardan voz kechish va javobgarlikni cheklash

16.1. Kripto-birja, Kripto-birjaning elektron platformasi orqali taqdim etiladigan xizmatlar barcha Mijozlarning ehtiyojlarini to‘liq qondirishiga kafolat bermaydi.

16.2. Kripto-birja uchinchi shaxslarning kontenti, shu jumladan Saytdan foydalanish paytida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan haqoratli, tuhmat xarakteridagi, behayo yoki boshqa nomaqbul materiallar uchun javobgar emas.

16.3. Kripto-birja elektron platforma ishining uzluksizligiga, uning xavfsizligiga va xizmatlar ko‘rsatilishining o‘z vaqtida ta’minlanishiga kafolat bermaydi. Kripto-birja elektron platforma ishidagi bevosita Kripto-birjaning harakatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan nosozliklar va uzilishlar uchun javobgar emas.

16.4. Kripto-birja himoyalangan muhit yaratish uchun harakat qiladi, biroq Saytda yoki serverlarda viruslar yoki boshqa zararli elementlarning butunlay mavjud emasligiga kafolat bermaydi. Mijozlarga antivirus dasturlaridan foydalanish tavsiya etiladi.

16.5. Kripto-birja Mijozlar ma’lumotlarining saqlanishi, o‘zgarishi yoki o‘chirilishi bilan bog‘liq muammolar uchun javobgar emas.

16.6. Kripto-birja Saytdagi qasddan qilinmagan matbaa xatolari va xatoliklar uchun javobgar emas, biroq istalgan vaqtda har qanday kamchiliklarni tuzatish huquqini o‘zida saqlab qoladi.

16.7. Kripto-birja elektron platformadagi har qanday materiallarning, shu jumladan reklama va boshqa kontentning ishonchliligi, to‘liqligi yoki ishonchliligiga kafolat bermaydi. Sayt materiallaridan foydalanish Mijoz tomonidan uning o‘z tavakkalchiligi ostida amalga oshiriladi.

16.8. Mijozlar va boshqa shaxslarning sharhlari hamda fikr-mulohazalari faqatgina ularning shaxsiy fikrini ifodalaydi va Kripto-birjaning nuqtayi nazarini aks ettirmaydi. Kripto-birja ushbu fikrlarni tasdiqlamaydi va Mijozlar sharhlarining mazmuni uchun huquqiy javobgarlikni zimmasiga olmaydi.

16.9. Rasmiy bildirishnomalar Saytdagi rasmiy e’lonlar, elektron pochta, SMS, telefon qo‘ng‘iroqlari yoki oddiy pochta orqali yuboriladi. Kripto-birja norasmiy kanallar orqali olingan ma’lumotlar uchun javobgar emas.

17.1. Kripto-birja o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshiradi.

17.2. Kripto-birja Mijozlarni identifikatsiyalash va verifikatsiyalash, Mijozlarni lozim darajada tekshirish, operatsiyalar monitoringi, shubhali operatsiyalarni aniqlash va ularning oldini olish tartib-taomillarini o‘tkazadi.

17.3. Shubhali operatsiya aniqlangan taqdirda, Kripto-birja shubhali operatsiya aniqlangan paytdan boshlab bir ish kunidan kechiktirmay maxsus vakolatli davlat organiga shubhali operatsiya haqida xabar yuborishi shart.

17.4. Mijozning identifikatsiya ma’lumotlari terrorchilik faoliyatida ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan yoxud ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishda ishtirok etayotgan shaxslar ro‘yxatidagi shaxs bilan mos kelishi fakti aniqlangan taqdirda, Kripto-birja kechiktirmasdan va Mijozni xabardor qilmasdan operatsiyalarni to‘xtatib turishi va (yoki) Mijoz mablag‘larini muzlatib qo‘yishi hamda bu haqda maxsus vakolatli davlat organiga xabar berishi shart.

17.5. Kripto-birja ichki nazorat tartib-taomillarini o‘tkazish uchun Mijozdan qo‘shimcha ma’lumotlar va hujjatlarni so‘rab olishga haqli.

17.6. So‘ralgan ma’lumotlar va hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda yoki shubhali operatsiya belgilari aniqlanganda, Kripto-birja Mijozga operatsiyani amalga oshirishni rad etishga yoki Mijoz bilan munosabatlarni tugatishga haqli.

18. Maxfiylik va ma’lumotlarni himoya qilish

18.1. Kripto-birja Mijoz haqidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash va bunday ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi yoki ushbu ommaviy ofertada nazarda tutilgan hollardan tashqari uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslik majburiyatini oladi.

18.2. Kripto-birja Mijoz haqidagi ma’lumotlarni quyidagilarga oshkor qilishga haqli: Vakolatli organga; Maxsus vakolatli davlat organiga; Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va boshqa davlat organlariga ularning so‘roviga binoan; O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda.

18.3. Kripto-birja Mijozlarning shaxsga doir ma’lumotlarini O‘zbekiston Respublikasining shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchiligi talablariga muvofiq himoya qilinishini ta’minlaydi.

18.4. Muzokaralarning barcha audio va video yozuvlari, shuningdek, yozishmalar tarixi Kripto-birja tomonidan amaldagi qonunchilik talablari va ichki xavfsizlik standartlariga qat’iy rioya qilingan holda saqlanadi. Ushbu ma’lumotlardan faqat tranzaksiyalar xavfsizligini ta’minlash, nizoli vaziyatlarni hal qilish va tartibga soluvchi normalarni bajarish maqsadida foydalaniladi. Kripto-birja ushbu yozuvlardan boshqa maqsadlarda foydalanilmasligini va qonun hamda ushbu oferta bilan bevosita nazarda tutilgan hollardan tashqari, Mijozning aniq roziligisiz uchinchi shaxslarga berilmasligini kafolatlaydi.

18.5. Mijoz akkauntga kirish uchun o‘z hisob ma’lumotlarining maxfiyligini ta’minlash va bunday ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga bermaslik majburiyatini oladi.

19. Qo‘llaniladigan qonunchilik

19.1. Ushbu ommaviy oferta hamda Kripto-birja va Mijoz o‘rtasidagi munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadi.

19.2. Ushbu ommaviy ofertadan yoki u bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan barcha nizolar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq hal qilinishi lozim.

20. Nizolarni hal qilish tartibi

20.1. Ushbu ommaviy ofertadan yoki u bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan barcha nizolar, kelishmovchiliklar yoki talablar, shu jumladan uning bajarilishi, buzilishi, to‘xtatilishi yoki haqiqiy emasligiga oid masalalar Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar yo‘li bilan hal qilinishi lozim.

20.2. Tomonlar har qanday nizo yuzaga kelgan paytdan boshlab 30 (o‘ttiz) kalendar kuni ichida bir-birlarini xabardor qilish va sudga murojaat qilishdan oldin nizoni norasmiy tartibda hal qilish choralarini ko‘rish majburiyatini oladilar.

20.3. Nizoni muzokaralar yo‘li bilan hal qilish imkoni bo‘lmagan taqdirda, nizo Mijoz joylashgan manzildagi sud tartibida ko‘rib chiqilishi lozim.

20.4. Kripto-birjaga tegishli bo‘lgan mualliflik huquqlari, tovar belgilari, savdo nomlari, logotiplar, tijorat sirlari yoki patentlardan taxminiy noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq nizolar Kripto-birjaning bunday huquqlarini buzgan taraf joylashgan manzildagi sud tartibida ko‘rib chiqilishi lozim. Qolgan barcha holatlarda ushbu ofertaning 20.3-bandida ko‘rsatilgan normalar qo‘llaniladi.

20.5. Kripto-birja va Mijoz o‘rtasidagi nizolar, nizoni hal qilish tartibi boshlangan (da’vo yuborilgan yoki sudga murojaat qilingan) paytda Kripto-birjaning elektron platformasida joylashtirilgan ushbu ommaviy ofertaning oxirgi amaldagi tahriri asosida hal qilinadi.

20.6. Mijoz quyidagilarni tan oladi va rozilik beradi:

- ofertaning amaldagi tahriri shartlari barcha nizoli huquqiy munosabatlarga, shu jumladan ofertaga o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar sodir bo‘lgan voqealarga nisbatan qo‘llaniladi; - ofertaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgandan so‘ng Kripto-birja elektron platformasidan foydalanishni davom ettirish Mijozning yangi shartlarni ilgari yuzaga kelgan huquqiy munosabatlarga nisbatan qo‘llanilishiga so‘zsiz roziligini bildiradi; - ofertaning amaldagi tahririda nazarda tutilgan Mijozning javobgarligi, u sodir etilgan sanadan qat’i nazar, Mijozning barcha harakatlariga tatbiq etiladi.

20.7. Nizoni ko‘rib chiqishda har bir Tomon o‘z pozitsiyasini tasdiqlovchi dalillarni oshkor qilishi shart.

20.8. Mijoz, agar amaldagi qonunchilikda bunday huquq nazarda tutilgan bo‘lsa ham, ushbu ommaviy ofertadan kelib chiqadigan har qanday nizolar bo‘yicha jamoaviy da’volarda ishtirok etish huquqidan voz kechadi. Shuningdek, Mijoz Kripto-birja sud jarayonida taraf bo‘lgan birlashgan da’volarda boshqa shaxslarning vakili sifatida qatnashmaslikka rozilik beradi.

21. Ommaviy oferta shartlarini o‘zgartirish

21.1. Kripto-birja istalgan vaqtda ushbu ofertaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga, ofertani yangi tahrirdagi oferta bilan almashtirishga, lokal hujjatlarga bir tomonlama tartibda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga haqli.

21.2. Kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqidagi bildirishnoma o‘zgartirishlar kuchga kirgan paytdan boshlab Saytda joylashtiriladi.

21.3. O‘zgartirish va qo‘shimchalar, agar o‘zgartirishlar haqidagi bildirishnomada boshqa muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ular Saytda e’lon qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi.

21.4. O‘zgartirish va qo‘shimchalar kuchga kirgandan so‘ng Mijoz tomonidan Kripto-birja xizmatlaridan foydalanishning davom ettirilishi Mijozning bunday o‘zgartirish va qo‘shimchalarga roziligi deb hisoblanadi.

21.5. Mijoz yangi shartlarga rozi bo‘lmagan taqdirda, Mijoz Kripto-birja xizmatlaridan foydalanishni to‘xtatishi va o‘zgartirishlar kuchga kirguniga qadar shartnomani bekor qilish to‘g‘risida bildirishnoma yuborishi shart.

21.6. Ushbu ommaviy ofertaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, agar o‘zgartirishlar shartlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, Tomonlarning munosabatlariga ular kuchga kirgan paytdan boshlab tatbiq etiladi.

22. Shartnomaning amal qilish muddati va uni bekor qilish tartibi

22.1. Kripto-birja va Mijoz o‘rtasidagi shartnoma Mijoz tomonidan Kripto-birjaning elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tish orqali ushbu ommaviy ofertani akseptlagan paytdan boshlab kuchga kiradi va muddatsiz amal qiladi.

22.2. Mijoz Kripto-birjaga yozma bildirishnoma yuborish orqali shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilishga haqli. Shartnoma Kripto-birja tomonidan shartnomani bekor qilish to‘g‘risidagi bildirishnoma olingan sanadan boshlab 30 (o‘ttiz) kalendar kuni o‘tgach bekor qilingan hisoblanadi.

22.3. Kripto-birja quyidagi hollarda shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilishga haqli:

22.3.1. Mijoz tomonidan ushbu ommaviy oferta shartlari yoki Kripto-birjaning lokal hujjatlari buzilganda;

22.3.2. Mijoz tomonidan noto‘g‘ri hujjatlar va ma’lumotlar taqdim etilganda;

22.3.3. Shubhali operatsiya belgilari aniqlanganda;

22.3.4. Mijozning identifikatsiya ma’lumotlari terrorchilik faoliyatida ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan yoxud ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishda ishtirok etayotgan shaxslar ro‘yxatidagi shaxs bilan mos kelishi fakti aniqlanganda;

22.3.5. Davlat organlarining talabiga binoan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda.

22.4. Kripto-birja tashabbusi bilan shartnoma bekor qilinganda, Mijoz shartnoma bekor qilingan sanadan boshlab 7 (yetti) kalendar kunidan kechiktirmay Mijoz ro‘yxatdan o‘tish vaqtida ko‘rsatgan elektron pochta manzili orqali xabardor qilinadi.

22.5. Shartnoma bekor qilinganda, bekor qilish sababidan qat’i nazar, Mijoz quyidagilarga majbur:

22.5.1. Shartnoma bekor qilingunga qadar yuzaga kelgan barcha majburiyatlarni bajarish;

22.5.2. O‘z akkauntidagi barcha mavjud pul mablag‘lari va kripto-aktivlarni shartnomani bekor qilish to‘g‘risidagi bildirishnomada ko‘rsatilgan muddatda, lekin shartnoma bekor qilingan sanadan boshlab 30 (o‘ttiz) kalendar kunidan kechiktirmay chiqarib olish.

22.6. Agar Mijoz pul mablag‘lari va kripto-aktivlarni ushbu ommaviy ofertaning 22.5.2-bandida ko‘rsatilgan muddatda chiqarib olmasa, Kripto-birja pul mablag‘lari va kripto-aktivlarni saqlaganlik uchun Kripto-birjaning tarif siyosatida belgilangan miqdorda haq undirishga haqli.

22.7. Mijoz har qanday holatda ham ichki nazorat dasturi bilan bog‘liq tekshiruvlardan qochish maqsadida shartnomani bekor qilishni talab qilishga haqli emas.

22.8. Shartnomaning bekor qilinishi Tomonlarni shartnoma amal qilgan davrda yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar uchun javobgarlikdan ozod etmaydi.

23. Yengib bo‘lmas kuch holatlari (fors-major)

23.1. Agar majburiyatlarni bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik yengib bo‘lmas kuch holatlari (fors-major) oqibatida yuzaga kelgan bo‘lsa, Tomonlar ushbu ommaviy oferta bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlikdan ozod qilinadilar.

23.2. Yengib bo‘lmas kuch holatlari deganda, shartnoma tuzilgandan keyin yuzaga kelgan, Tomonlar oldindan ko‘ra bilishi yoki oqilona choralar bilan oldini olishi imkoniyati bo‘lmagan favqulodda va bartaraf etib bo‘lmaydigan holatlar tushuniladi, jumladan, quyidagilar bilan cheklanmagan holda: tabiiy ofatlar, harbiy harakatlar, terrorchilik aktlari, epidemiyalar, Kripto-birja faoliyatini taqiqlovchi yoki sezilarli darajada cheklovchi qonunchilikdagi o‘zgarishlar, global xarakterdagi texnik nosozliklar, xakerlarning harakatlari, DDoS-hujumlar.

23.3. Yengib bo‘lmas kuch holatlari oqibatida majburiyatlarni bajarish imkoniyatiga ega bo‘lmagan Tomon bunday holatlar yuzaga kelganligi haqida darhol boshqa Tomonni xabardor qilishi shart.

23.4. Yengib bo‘lmas kuch holatlari yuzaga kelgan taqdirda, ushbu ommaviy oferta bo‘yicha majburiyatlarni bajarish muddati bunday holatlar va ularning oqibatlari amal qilgan vaqtga mutanosib ravishda suriladi.

23.5. Agar yengib bo‘lmas kuch holatlari 30 (o‘ttiz) kalendar kunidan ortiq davom etsa, Tomonlarning har biri shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilishga haqli.

24. Yakuniy qoidalar

24.1. Agar ushbu ommaviy ofertaning biron-bir qoidasi haqiqiy emas yoki ijro etib bo‘lmaydigan deb topilsa, bu ushbu ommaviy ofertaning qolgan qoidalarining haqiqiyligiga ta’sir qilmaydi.

24.2. Shikoyatlar, fikr-mulohazalar yoki savollarni yuborish uchun Mijoz identifikatsiya ma’lumotlarini ko‘rsatgan holda Kripto-birjaning qo‘llab-quvvatlash xizmatiga [email protected] elektron pochta manzili orqali murojaat qilishga haqli.

24.3. Ushbu ommaviy oferta Tomonlarning mazkur ommaviy oferta predmeti bo‘yicha to‘liq tushunishini ifodalaydi va ularga tegishli barcha oldingi kelishuvlar va xabarlarning o‘rnini bosadi.

24.4. Kripto-birjaga taqdim etilgan, ushbu ommaviy ofertada bayon etilgan shartlardan farq qiladigan, ularga mos kelmaydigan yoki ularni to‘ldiradigan har qanday boshqa hujjatning hech qanday qoidalari yoki shartlari, agar bunday qoidalar yoki shartlar Kripto-birja tomonidan yozma ravishda tasdiqlanmagan bo‘lsa, Tomonlar uchun majburiy bo‘lmaydi.

24.5. Mijoz ushbu ommaviy oferta munosabati bilan Kripto-birjaga taqdim etilayotgan barcha ma’lumotlar ishonchli, aniq va to‘liq ekanligini bildiradi va kafolatlaydi.

24.6. Mijoz ushbu ofertaning mazmuni va shartlari bilan to‘liq tanishganligini hamda ularga rozi ekanligini bildiradi va kafolatlaydi.

24.7. Ushbu ommaviy oferta rus va o‘zbek tillarida tuzilgan. Rus va o‘zbek tillaridagi matnlar o‘rtasida tafovut yuzaga kelgan taqdirda, rus tilidagi matn ustuvor kuchga ega bo‘ladi.

24.8. Ushbu ommaviy ofertada ko‘rsatilgan Kripto-birjaning lokal hujjatlari ushbu ommaviy ofertaning ajralmas qismi hisoblanadi va Saytda asterium.uz manzili bo‘yicha joylashtiriladi.

Nomi: “ASTERIUM” mas’uliyati cheklangan jamiyati

Manzili: O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent sh., Bobur ko‘chasi, 34-uy

Hisob raqami: 2020 8000 2071 9832 6003 (UZS)

Hisob raqami: 2020 8840 3071 9832 6002 (USD)

Bank: “OCTOBANK” AJ

MFO: 00980

SWIFT: RVBKUZ22

STIR: 311 876 558

IFUT: 62090

Elektron pochta manzili: [email protected]

Veb-sayt: asterium.uz

Kripto-birja faoliyatini amalga oshirish uchun № СЕ#0005-sonli litsenziya O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan 2025-yil 15-aprelda berilgan.

Toshkent sh.

Mazkur hujjat “ASTERIUM” MCHJning intellektual mulki hisoblanadi. Ushbu hujjatni “ASTERIUM” MCHJning yozma ruxsatisiz to‘liq yoki qisman har qanday nusxalash, tarqatish yoki undan foydalanish taqiqlanadi va qonun bilan ta’qib qilinadi.

© “ASTERIUM” MCHJ, 2025-y.